O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari Tailanddagi baxtsiz hodisa oqibatida og‘ir tan jarohati olgan fuqaroga huquqiy va konsullik yordami ko‘rsatdi.
2002 yilda tug‘ilgan qiz mehmonxonaning oltinchi qavatidan yiqilib, zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Unga kerakli muolajalar ko‘rsatilgan, biroq moddiy qiyinchiliklar va hujjatlarning yo‘qligi sababli vatanga qaytishda muammolar yuzaga kelgan.
Diplomatlar vaziyatni tartibga solishga yordam berishdi, shifoxona rahbariyati bilan muzokaralar natijasida tibbiy xizmatlar uchun 251 257 bat (taxminan 7 400 AQSH dollari) miqdoridagi qarz hisobdan chiqarildi. Bundan tashqari, konsullik tomonidan qizga O‘zbekistonga qaytish uchun hujjat berilgan.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan jabrlanuvchi uchun maxsus parvoz sharoitlari tashkil etilib, u ishonchli vakil hamrohligida vatanga sog‘-salomat qaytib kelgan.
Bu holat xorijdagi vatandoshlariga murakkab vaziyatlarda yordam ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik diplomatlarning tezkor faoliyatini namoyish etadi.