Surxondaryo viloyatida Tojikistondan taqiqlangan moddalarni olib kirgan bir oila giyohvand moddalar savdogarlari qo‘lga olindi. Namangan va Andijon viloyatlarida ham yirik giyohvand moddalar sotuvchilari qo‘lga olingan.
Xususan, Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 41 yoshli fuqaro xonadonida tezkor xodimlar tomonidan tintuv o‘tkazilib, uning yerto‘lasidan 576 gramm geroin, 2,45 kilogramm opiy va 1,9 kilogramm gashish moddasi topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, jinoyatchi oila a’zolari bilan taqiqlangan moddalarni Tojikistondan olib kelib sotgan. Uning muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan 69 yoshli otasidan 9 kilogrammdan ortiq gashish, shuningdek, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 137,5 ming dollar va 570 million so‘m topilgan. Uzun tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 45 yoshli giyohvand moddalar sotuvchisining ukasidan esa 160 ming dollar musodara qilindi.
Yana bir holat Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan. Tezkor xodimlar Yangiqo‘rg‘ondan Namanganga ketayotgan avtobusni tekshirish uchun to‘xtatgan. Ikki yo‘lovchining sumkalarida 19,9 kilogramm gashish moddasi borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, mahalliy aholi giyohvand moddalarni Qirg‘izistondan olib kelgan.
Andijon viloyati Marhamat tumanida chegarachilar davlat chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan muqaddam sudlangan fuqaroni qo‘lga oldi. Uning yonidan muqaddam Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan berilgan 4,9 kilogramm opiy va kamida 10 kilogramm gashish topilgan.
Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.