Samarqandda Cobalt haydovchisi qoʻlga olindi Samarqand viloyatida Cobalt haydovchisi YHXB inspektorini ochiq eshikda aylantirib yurgani uchun qoʻlga olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, voqea 4-fevral kuni soat 19:10 atrofida sodir boʻlgan. Oʻsha kuni Oqdaryo tumani hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlida xizmat olib borayotgan YHXB inspektori belgilanmagan joyda toʻxtagan Cobalt avtomobilini koʻrib qolgan.
Inspektor mashinaga yaqinlashib, haydovchidan hujjatlarni koʻrsatishni soʻraganida, haydovchi uning qonuniy talablariga boʻysunmay, huquq-tartibot idoralari xodimini ilib olib, harakatni boshlagan.
“Ichki ishlar organi xodimi va uning oila aʼzolaridan uzr soʻramoqchiman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Bu boshqa takrorlanmaydi. Inspektordan qochib, oxir-oqibat qamoqqa tushdim”, — deydi qoidabuzar.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.