Janubiy Koreya prezidenti impichmenti bekor qilindi: parlamentda ovozlar yetishmadi

Dunyo

Janubiy Koreya parlamenti prezident Yun Sok Yolga impichment eʼlon qilish uchun yetarli ovoz toʻplay olmadi. Ovoz berishdan oldin, mamlakatda harbiy holat joriy etilishidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyingi birinchi ommaviy chiqishida Yun bu qarorni “umidsizlikdan” qabul qilganini aytdi. U “oʻz lavozimida qolish masalasi”ni “Xalq kuchi” partiyasi ixtiyoriga qoldirayotganini maʼlum qildi.

Foto: Janubiy Koreya prezidenti matbuot xizmati

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining yalpi majlisida prezident Yun Sok Yolga impichment eʼlon qilish uchun zarur miqdordagi ovozlarni toʻplashga erishilmadi. Bu haqda majlisning onlayn translyatsiyasi orqali maʼlum boʻldi.

Impichment jarayonini boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun 200 ovoz kerak edi, ammo faqat 195 deputat uni yoqlab ovoz berdi. Shu bilan birga, hukmron “Fuqarolik kuchi” partiyasi vakillarining aksariyati zalda yoʻq edi. Bunga sabab, prezidentning rafiqasi Kim Gon Xiga nisbatan maxsus tergov toʻgʻrisidagi qonun loyihasi zarur miqdordagi ovozni ololmagani uchun ular avvalroq zalni tark etishgan edi.

Impichment boʻyicha ovoz berish boshlanishidan oldin muxolifat partiyasi fraksiyasi rahbari Pak Chxan De hukmron partiyaning barcha aʼzolarini nomma-nom aytib oʻtdi va chorshanba kuni harbiy holatni bekor qilishni qoʻllab-quvvatlagan 18 nafar qonun chiqaruvchini alohida taʼkidladi. Biroq, zalga qaytish va ovoz berish chaqiriqlariga qaramay, “Fuqarolik kuchi”dan faqat bitta deputat — An Chxol Su hozir boʻldi. Keyinchalik majlisga deputatlar Kim Ye Chji va Kim San Uk qaytib kelib, ovoz berishdi.

Muxolifat vakillari, agar hukmron partiya impichmentni qoʻllab-quvvatlamasa va Milliy Assambleya tegishli qarorni qabul qila olmasa, darhol takroriy ovoz berishni boshlashlarini maʼlum qilishdi.

Parlamentning navbatdagi sessiyasi 10-dekabr kuni yakunlanishini hisobga olib, 11-dekabr kuni navbatdan tashqari sessiya ochilishi rejalashtirilgan. Unda impichment loyihasini yana taqdim etish va yaqin 72 soat ichida unga ovoz berish mumkin boʻladi.

Janubiy Koreyaning “Birlashgan demokratik partiyasi” rahbari Li Chje Myon, parlament mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni isteʼfoga chiqara olmaganidan soʻng, muxolifat uni lavozimidan chetlatishga erishishda davom etishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu yil oxirigacha amalga oshiriladi.

“Biz prezidentni isteʼfoga chiqarishga urinishlarni toʻxtatmaymiz. Biz uni hokimiyatni zoʻrlik bilan egallashga urinishi va qurolli isyon uchun javobgarlikka tortamiz hamda mamlakatda tartibni tiklaymiz. Koreya Respublikasi uchun jiddiy tahdid boʻlgan janob Yun Sok Yolga albatta impichment eʼlon qilamiz”, — dedi Li Chje Myon Ryonhap agentligiga bergan intervyusida.

Eslatib oʻtamiz, Janubiy Koreyaning oltita muxolifat partiyasi, jumladan, ularning eng yirigi Birlashgan demokratik partiya prezident Yun Sok Yolga impichment eʼlon qilish loyihasini parlamentga taqdim etgan edi.

Avvalroq, 3-dekabr kuni kechqurun qilgan murojaatida Janubiy Koreya prezidenti parlamentni nazorat qilayotgan Birlashgan demokratik partiyani keskin tanqid qilgan edi. U partiyaning bir qator hukumat amaldorlariga impichment eʼlon qilish va kelgusi yil uchun davlat byudjetini qisqartirish boʻyicha harakatlarini “qonun chiqaruvchi diktatura” va “davlatga qarshi harakatlar” deb atadi.

Prezident, shuningdek, demokratlarni “liberal-demokratik tuzumni oʻzgartirishga” urinishda aybladi.

Yun Sok Yol ozod Koreya Respublikasini Shimoliy Koreyaning kommunistik kuchlaridan himoya qilish uchun Shimoliy Koreyaga xayrixoh boʻlgan davlatga qarshi kuchlarni butunlay yoʻq qilish zarurligini aytdi. Shu munosabat bilan u favqulodda harbiy holat eʼlon qildi. Ushbu holat doirasida, xususan, favqulodda rejimni bekor qilish huquqiga ega boʻlgan parlamentning faoliyati taqiqlandi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.