“Oʻzaviatsiya” agentligi uchta xorijiy aviatashuvchiga Oʻzbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.
3-fevraldan Malayziyaning AirAsia X Berhad aviakompaniyasi Kuala-Lumpur va Toshkent oʻrtasida, Janubiy Koreyaning Tʼway Air aviakompaniyasi esa Seul — Toshkent — Seul yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻldi. Ikkala tashuvchi ham Airbus A330 samolyotlaridan foydalanadi.
Ertasi kuni, 4-fevral kuni Misrning Red Sea Airlines aviakompaniyasi ham Toshkent va Sharm-ash-Shayx oʻrtasida muntazam reyslarni amalga oshirishga ruxsat oldi. Ilgari kompaniya ushbu yoʻnalishda faqat charter tashuvlari formatida ishlagan.