OAV: AQSH sanksiyalarni yumshatish evaziga Lukashenko bilan siyosiy mahbuslarni ozod qilish boʻyicha kelishuv tayyorlamoqda

Dunyo

Donald Tramp maʼmuriyati Belarus rasmiylari bilan koʻplab siyosiy mahbuslarni, jumladan, taniqli muxolifatchilarni ozod qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Buning evaziga AQSH Belarus banklari va kaliy oʻgʻitlari eksportiga nisbatan sanksiyalarni qisman bekor qilishga tayyor.

Foto: rg.ru

AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Belarus rasmiylari bilan yirik bitim tuzish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.

Bitim doirasida Minsk koʻplab siyosiy mahbuslarni, jumladan, taniqli muxolifatchilarni ozod qilishi mumkin. Bunga javoban AQSH Belarus banklari va mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri boʻlgan kaliy oʻgʻitlari eksportiga taʼsir qiluvchi sanksiyalarni qisman yumshatishga tayyor.

13-fevral kuni AQSH Davlat kotibi yordamchisining oʻrinbosari Kristofer Smit Vilnyusda Gʻarb diplomatlari bilan yopiq uchrashuvda ehtimoliy kelishuv haqida gapirdi. Bir kun avval u Minskka muzokaralar uchun tashrif buyurib, soʻnggi besh yil ichida birinchi marta Davlat departamentining yuqori martabali vakili Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. Muhokamalar natijasida Belarus uch mahbusni — AQSH fuqarosi va ikki belaruslik siyosiy mahbusni ozod qildi.

Uchrashuv ishtirokchilarining soʻzlariga koʻra, Smit Lukashenko repressiyalarni yumshatishga tayyorligini aytgan. U koʻp sonli siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Lukashenkoga Rossiya taʼsiridan “dam olish”ni AQSHning asosiy maqsadlari deb atadi.

“Весна” inson huquqlari markazi maʼlumotlariga koʻra, hozirda Belarusda 1226 nafar siyosiy mahbus bor. Soʻnggi oylarda mamlakat rasmiylari 200 dan ortiq kishini afv etdi, ammo muxolifat faollarining taʼkidlashicha, xuddi shu davrda undan ham koʻproq odam hibsga olingan.

AQSH Belarus iqtisodiyotiga qarshi sektoral sanksiyalarni 2021-yil avgust oyida — 2020-yilgi prezidentlik saylovlarining bir yilligi munosabati bilan kiritgan edi, Gʻarb uning natijalarini tan olmadi. Saylovlar hokimiyat tomonidan qattiq bostirilgan ommaviy noroziliklar bilan birga kechdi. Keyinchalik koʻplab muxolifatchi siyosatchilar uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi, ularning yetakchilari, jumladan Svetlana Tixanovskaya chet elga chiqib ketdi. AQSHdan tashqari, Yevropa Ittifoqi, Kanada va Buyuk Britaniya Belarusga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Avvalroq 18-fevral kuni Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSH vakillari oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtishi haqida xabar berilgandi. Rossiya delegatsiyasiga Sergey Lavrov va Yuriy Ushakov rahbarlik qiladi, uchrashuvning asosiy mavzusi ikki tomonlama munosabatlarni tiklash va Ukrainadagi mojaroni hal qilish imkoniyatlarini muhokama qilish boʻladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.