Bitkoinning narxi tarixda birinchi marta 100 ming dollardan oshdi. Soat 7:39 da Coinmarketcap saytida narx $100 184 deb qayd etilgan.
Noyabr oyida AQSH prezidenti saylovlarida Donald Tramp gʻalaba qozonganidan keyin kriptovalyuta narxi koʻtarila boshladi. Oʻsha paytda narx 68 ming dollar atrofida edi.
Bunday oʻsishga respublikachining kriptovalyuta bozori haqidagi bayonotlari sabab boʻldi. Xususan, Tramp AQSHni “sayyoraning kriptovalyutasi”ga aylantirish va bitkoin zaxirasini toʻplashga vaʼda berdi. “Agar kriptovalyuta kelajakni belgilasa, men uni mayning qilish, zarb qilish va AQSHda ishlab chiqarishni xohlayman”, — dedi Tramp.
Noyabrning birinchi yarmida Reuters bilan suhbatlashgan ekspertlar bitkoin narxining oshishida aynan Tramp asosiy rol oʻynaganini taʼkidladi. Sidneydagi ATFX Global bozori tahlilchisi Nik Tvideylning aytishicha, boʻlajak prezident sohani qoʻllab-quvvatlaydi, kriptovalyuta esa, ehtimol, yetarlicha baholanmagan.
Astronaut Capital kompaniyasining kripto-valyuta aktivlarini boshqarish boʻyicha bosh investitsiya direktori Metyu Dibbning taʼkidlashicha, Trampning siyosati AQSHdan oʻzib ketishga harakat qilib, boshqa mamlakatlar bitkoinlarni sotib olishni boshlash ehtimolini oshiradi.
Bitkoin narxining oshishi fonida mayning va kriptovalyutalar savdosi bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarning aksiyalari ham oshdi.
Bir kun avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin bitkoin va boshqa elektron hisob-kitob vositalaridan foydalanishni taqiqlab boʻlmasligini taʼkidlagan edi.
“Bu innovatsion texnologiyalar va dollar bilan nima sodir boʻlishidan qatʼi nazar, bu vositalar rivojlanadi, chunki hamma xarajatlarni kamaytirish va ishonchlilikni oshirishga intiladi”, — dedi u.