DW xabar berishicha, Yevropaning bir qator mamlakatlari Suriya fuqarolariga boshpana berish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqishni toʻxtatganini maʼlum qildi.
Xususan, suriyaliklar Germaniyada vaqtincha boshpana ololmaydilar. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi maʼlum qilishicha, Germaniya migratsiya idorasi ariza beruvchi mamlakatidagi vaziyat noaniq boʻlsa, boshpana berish toʻgʻrisidagi qarorni keyinga qoldirish huquqiga ega.
Aynan shu holat hozirda Suriyaga taalluqli. Idora baholashiga koʻra, amalda suriyaliklarning arizalari endi “pastki qatorga joylashtiriladi va boshqa boshpana soʻrovlariga ustuvorlik beriladi”.
Germaniya Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil oktyabr oyiga kelib mamlakatda 974 136 nafar Suriya fuqarosi boʻlgan. Ularning uchdan ikki qismidan koʻpi boshpana soʻragan. Bu yil Suriya fuqarolari Germaniyaga boshpana soʻrab murojaat qilganlar soni boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi.
Yanvardan noyabrgacha ulardan 74 971 ta ariza kelib tushgan. 83 foiz hollarda ular ijobiy javob olishgan. Xuddi shunday qaror suriyaliklarning boshpana soʻrab bergan arizalari boʻyicha 9-dekabr kuni Avstriya hukumati tomonidan ham qabul qilindi.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 7300 ga yaqin dastlabki arizalarning koʻrib chiqilishi toʻxtatilgan. Shuningdek, ilgari maʼqullangan barcha arizalar qayta tekshirilishi lozim. Suriya oilalarini birlashtirish dasturi ham toʻxtatilmoqda.
Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, Suriyalik qochqinlarning boshpana soʻrab bergan murojaatlarini koʻrib chiqishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorlarni Buyuk Britaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shveysariya va Shvetsiya kabi boshqa Yevropa davlatlari ham qabul qilgan yoki qabul qilishga tayyorlanmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 8-dekabr kuni Suriya poytaxti qoʻzgʻolonchilar hujumni boshlab, Suriyaning bir nechta yirik shaharlarini oʻz nazoratiga olganidan ikki haftadan kamroq vaqt oʻtgach, isyonchilar qoʻliga oʻtgandi. Kecha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asadning SAR hududidagi bir qator qurolli mojaro ishtirokchilari bilan olib borgan muzokaralari natijasida u prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qilgani va hokimiyatni tinch yoʻl bilan topshirishga koʻrsatma berib, mamlakatni tark etganini maʼlum qildi.