Qirgʻiziston Davlat milliy xavfsizlik xizmati rahbari Qamchibek Tashiyev 18-dekabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida kelgusi prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini koʻrsatishni rejalashtirmayotganini aytdi.
U amaldagi prezidentning yangi muddatga qayta saylanish imkoniyati borligini taʼkidladi.
“Ikki yildan keyin boʻladigan saylovlarda nomzodimni qoʻymayman. Men Sadir Japarovni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Undan boshqa yana kimni qoʻllab-quvvatlashimiz mumkin? Beknazarovnimi yoki Ravshan Jeenbekovnimi? Yoki Atambayevni yana prezident qilib tayinlashimiz kerakmi? Biz buni allaqachon boshdan kechirganmiz”, — dedi Tashiyev va hozirgi prezident yaxshi ishlayotganini hamda uni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.
Konstitutsiyaga koʻra, davlat rahbari besh yillik ikki muddatga saylanish huquqiga ega.
Sadir Japarov 2021-yil 10-yanvar kuni davlat rahbari etib saylangan va 28-yanvar kuni rasman lavozimini egallagan. Oʻshanda Asosiy qonunning eski tahriri amalda boʻlib, u davlat rahbariga olti yil lavozimni egallash imkonini berardi.
2024-yil yanvar oyida Japarovning keyingi muddatga oʻz nomzodini qoʻyish niyatida ekanligi maʼlum boʻldi.
Qirgʻizistonda navbatdagi prezidentlik saylovi 2026-yilda oʻtkaziladi.